CONCACAF a’zolari Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan voz kechishi mumkin
CONCACAF tarkibiga kiruvchi ayrim milliy futbol assotsiatsiyalari FIFA prezidenti Janni Infantinoning navbatdagi saylovdagi nomzodini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha avval yuborgan maktublarini qaytarib olish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda The Guardian nashriga tayanib Euro-Football xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, 2026-yilgi jahon chempionati oldidan CONCACAFning barcha 41 a’zosi Infantinoning qayta saylanishini qo‘llab-quvvatlovchi maktublar yuborgan. Biroq FIFA atrofidagi so‘nggi voqealardan keyin bir qator federatsiyalar o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishni boshlagan.
CONCACAFning favqulodda yig‘ilishida ayrim assotsiatsiyalar Infantinoni qo‘llab-quvvatlashdan rasman voz kechishga tayyor ekanini bildirgan. Hatto ba’zi federatsiyalar buni yopiq tartibda amalga oshirib bo‘lgani ham taxmin qilinmoqda.
Shu bilan birga, AQSH, Meksika, Kosta-Rika va Yamayka 2031-yilgi ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatini qabul qilishga da’vogarlik qilayotgani sababli, ayrim CONCACAF a’zolari murakkab vaziyatda qolmoqda. Mezbon mamlakat bo‘yicha yakuniy qarorni FIFA noyabr oyida qabul qilishi kutilmoqda.