Chukvuemeka JCh-2026'da ishtirok etish uchun Avstriya fuqaroligini olishi mumkin
Dortmundning «Borussiya» klubi yarim himoyachisi Karni Chukvuemeka 2026 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Avstriya fuqaroligini qabul qilishi mumkin. The Athletic nashrining xabar berishicha, 22 yoshli futbolchi aynan shu yo‘l bilan xalqaro maydondagi faoliyatini davom ettirish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Chukvuemeka muqaddam Angliyaning turli yoshdagi yoshlar terma jamoalarida to‘p surgan bo‘lsa-da, mamlakatning asosiy jamoasi safida hali birorta ham o‘yin o‘tkazmagan. Bu holat unga sport fuqaroligini o‘zgartirish imkonini beradi. Ma’lumot uchun, Karni Avstriyaning Ayzenshtadt shahrida nigeriyalik muhojirlar oilasida dunyoga kelgan, bu esa unga ushbu mamlakat terma jamoasida o‘ynash huquqini beradi.
Germaniya Bundesligasining joriy mavsumida yarimhimoyachi «Borussiya» tarkibida 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga ikkita gol yozdirib qo‘ydi. Futbolchining Dortmund klubi bilan shartnomasi 2030 yilning yozigacha amal qiladi. Hozirgi vaqtda uning transfer qiymati 25 million yevroga baholanmoqda.