Cheranning aqlbovar qilmas goli «Nasaf»ga muhim g‘alabani olib keldi
Superliganing 11-turidagi markaziy to‘qnashuv – «Nasaf» va «OKMK» jamoalari o‘rtasidagi bellashuv futbol muxlislarini hayratda qoldirdi. Qarshidagi to‘la stadionda o‘tgan bahsda amaldagi chempion jiddiy sinovdan o‘tdi. O‘yin taqdirini esa tajribali serb hujumchisi Dragan Cheranning kutilmagan goli hal qildi.
O‘yinda ilk hujumlar «OKMK» tomonidan bo‘ldi. Nodirbek Abdurazzoqovning zarbasini Abduvohid Ne’matov qaytardi. Keyinchalik ham Toshkent viloyati jamoasi bir necha bor xavfli hujumlar uyushtirdi, ammo yakuniy zarbalar samarasiz bo‘ldi.
Javob hujumida Stefan Cholovich orqali tashkil etilgan «Nasaf»ning qarshi hujumi natija berdi. Zafarmurod Abdirahmatovning aniq uzatmasini Husayn Norchaev bosh bilan darvozaga yo‘lladi — 1:0.
Ikkinchi bo‘limda «OKMK» murabbiyi Mirjalol Qosimovning tanaffusdagi o‘zgarishlari ish berdi. Kleydi Dachining o‘rnini egallagan Aziz Xolmurodov samarali o‘yin namoyish etdi va jamoa hisobni tenglashtirdi — Abdurazzoqov mukammal hujumni yakunladi.
Biroq o‘yinning eng bahsli va taqdir hal qiluvchi epizodi 78-daqiqada yuz berdi. Ne’matov to‘pni uzoqqa tepti, hujumda yagona qolgan Cheran uchun bu imkoniyatga aylandi. Himoyachi va darvozabon o‘rtasidagi tushunmovchilikdan foydalangan Cheran to‘pni bo‘sh darvozaga yo‘lladi. Ilyosevning o‘z darvozasini tark etishi katta xatoga aylandi.
Qolgan daqiqalarda «OKMK» qayta hisobni tenglashtira olmadi. Himoyani mustahkamlash uchun kiritilgan Ismoil Abdurahmonov o‘z vazifasini yaxshi bajardi. Arihiru Sentoku esa o‘yinga juda kech qo‘shildi.
Shu tariqa, «Nasaf» muhim uch ochkoni qo‘lga kiritib, yana Superliga peshqadamiga aylandi. Bu g‘alaba chempionlik uchun kurashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. E’tiborlisi, hal qiluvchi golni yosh yulduz emas, balki 37 yoshli Dragan Cheran urdi.