Chempionship darvozaboni Angliya milliy jamoasiga chaqirilishi mumkin
«Koventri Siti» darvozaboni Karl Rashvort 2026 yilgi Jahon chempionati saralash bosqichining noyabr oyidagi oʻyinlariga Angliya milliy jamoasidan chaqiruv olishi mumkin. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Hozirda 23 yoshli posbonning 613 daqiqa davomida gol oʻtkazmaslik seriyasi davom etmoqda. Bu «Koventri Siti» tarixidagi eng yaxshi natija hisoblanadi.
Angliya milliy jamoasi murabbiylari Rashvortning oʻyinlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Futbolchining transfer huquqi esa «Brayton» klubiga tegishli.
Maʼlumot uchun, «Koventri Siti» hozirda Chempionship turnir jadvalida 28 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Angliya milliy jamoasi JCh-2026ga muddatidan avval yoʻllanmani qoʻlga kiritgan. Qolgan saralash uchrashuvlarida inglizlar 13 noyabr kuni Serbiya, 16 noyabr kuni esa Albaniyaga qarshi maydonga tushadi.