«Chelsi»ning rejasi chippakka chiqdi: Fermin Lopes «Barselona»da qoladigan bo‘ldi
Londonning «Chelsi» klubi «Barselona» yarimhimoyachisi Fermin Lopesning kataloniyaliklar bilan shartnomani uzaytirgani haqidagi xabardan qattiq ranjigan. Bu haqda The Touchline nashri X ijtimoiy tarmog‘ida xabar tarqatdi.
«Aristokratlar» Lopesni jamoa yarimhimoyasini kuchaytira oladigan va golni his qilish qobiliyati yuqori bo‘lgan ideal nomzod sifatida ko‘rayotgan edi. Klub rahbariyati Ferminga «Barselona»dagiga qaraganda ancha foydaliroq moliyaviy shartlar va ko‘proq o‘yin amaliyoti taklif qila olishiga ishongan edi.
Qayd etilishicha, tomonlar 2031 yilga qadar moʻljallangan yangi mehnat shartnomasi bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishib bo‘lgan. Kelishuv imzolangani haqidagi rasmiy e’lon 28 yanvar kuni Chempionlar Ligasi doirasidagi «Kopengagen»ga qarshi bahsdan so‘ng berilishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun: Fermin Lopes — «Barselona» akademiyasi tarbiyalanuvchisi. U 13 yoshida «Betis»dan Kataloniyaga ko‘chib o‘tgan edi. Hozirda Hans-Diter Flik boshqaruvidagi «Barselona» 52 ochko bilan La Liga turnir jadvalida peshqadamlik qilmoqda.