“Chelsi” va “Manchester Yunayted” 80 mln yevrolik himoyachiga qiziqmoqda
“Benfika” himoyachisi Tomas Arauxo Angliya Premyer-ligasining bir qator klublari e’tiboriga tushgan. TEAMtalk ma’lumotiga ko‘ra, “Chelsi” va “Manchester Yunayted” 24 yoshli Portugaliya terma jamoasi futbolchisini muntazam kuzatib bormoqda.
Manbaga ko‘ra, har ikki klub vakillari “Benfika”ning sentabr oyida “Milan”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvini stadiondan kuzatgan. Arauxo o‘sha bahsda yuqori saviyada o‘yin namoyish etib, ingliz klublarining qiziqishini yanada oshirgan. Shuningdek, “Tottenhem”, “Nyukasl” va “Brayton” ham futbolchining holatini kuzatmoqda.
Biroq Arauxoning qishki transfer oynasida jamoasini almashtirishi ehtimoli past baholanmoqda. Himoyachi sentabr oyida “Benfika” bilan shartnomasini 2031-yilgacha uzaytirdi. Yangi kelishuvda uning tovon puli 80 million yevro etib belgilangan va Portugaliya klubi yanvar oyida bundan past takliflarni ko‘rib chiqmoqchi emas.
Ma’lumot uchun, Tomas Arauxo “Benfika” tizimida 2016-yildan buyon to‘p tepib kelmoqda va hozirda asosiy jamoa sardorlaridan biri hisoblanadi. Shartnoma uzaytirilgan paytda u klubning asosiy jamoasi safida 113 ta rasmiy uchrashuv o‘tkazib ulgurgan edi.