«Chelsi» va «Liverpul» Lamin Kamaraga ko‘z tikmoqda
Londonning «Chelsi» va «Liverpul» klublari «Monako»ning 22 yoshli yarimhimoyachisi Lamin Kamaraning harakatlarini diqqat bilan kuzatib bormoqda. Bu haqda Caught Offside nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, monegaskliklar futbolchini sotish variantini ko‘rib chiqishga tayyor, biroq uni kamida 65-75 million yevroga baholamoqda. Ta’kidlash joizki, Kamaraning amaldagi shartnomasida transferni sotib olish bo‘yicha aniq tovon puli ko‘rsatilmagan. Shu bilan birga, «Monako» futbolchini tezroq sotishga shoshilmayapti, chunki vaqt o‘tishi bilan uning bozor qiymati yanada oshishiga ishonmoqda.
Avvalroq TEAMtalk portali senegallik iqtidor egasiga «Manchester Yunayted» tomonidan ham qiziqish borligi haqida xabar bergan edi.
Lamin Kamara joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida 25 ta o‘yinda maydonga tushib, 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Futbolchining klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2029 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, ayni damda uning bozor qiymati 35 million yevroni tashkil etmoqda.