«Chelsi» va «Arsenal» Murilyoga qiziqish bildirmoqda
«Chelsi» va «Arsenal» «Nottingem Forest» himoyachisi Murilyoga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Braziliyalik futbolchini «Barselona» skautlari ham kuzatib bormoqda. Bu haqda Caught Offside xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Murilyo «aristokratlar» bosh murabbiyi Enzo Mareska talablariga to‘liq javob beradi — u to‘p bilan ishlashda aniq, hujumlarni orqa chiziqdan boshlab bera oladigan zamonaviy markaziy himoyachi sifatida baholanmoqda.
«O‘rmonchilar» 23 yoshli futbolchining narxini 80–90 million yevro atrofida belgilagan. Klub uni sotishni istamaydi, biroq mazkur summaga yaqin takliflar tushsa, ko‘rib chiqishga tayyor.
Joriy mavsumda Murilyo barcha musobaqalar doirasida 12 ta o‘yin o‘tkazib, bitta gol urgan. Uning «Nottingem Forest» bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali braziliyalik himoyachining bozor qiymatini 55 million yevro deb baholagan.