«Chelsi» soʻnggi oltita oʻyinning beshtasida magʻlubiyatga uchradi
«Chelsi» Angliya Premyer-ligasining 32-turida «Manchester Siti»ga 0:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Shu tariqa, «ko‘klar» barcha musobaqalardagi so‘nggi oltita o‘yinning beshtasida mag‘lubiyatga uchrashdi.
Londonliklarning ushbu muvaffaqiyatsiz seriyasi UEFA Chempionlar Ligasi 1/8 finali doirasidagi «PSJ»ga qarshi bahsda (2:5) boshlangan edi. Shundan so‘ng, Liam Rosenyor shogirdlari APLda «Nyukasl»ga (0:1), parijliklar bilan javob bahsida esa yana mag‘lub bo‘lishdi (0:3). Xuddi shunday hisob bilan «Chelsi» Angliya chempionatida «Everton»ga ham yutqazdi. Angliya Kubogida «Port Veyl»ning tor-mor etilishi (7:0) statistikani biroz yaxshilagan bo‘lsa-da, ortidan «shaharliklar»dan qabul qilingan mag‘lubiyat vaziyatni yana og‘irlashtirdi.
Hozirgi vaqtda «Chelsi» 48 ochko bilan APL turnir jadvalida oltinchi pog‘onani egallab turibdi. Jamoani 18 aprel kuni 33-tur doirasida «Manchester Yunayted»ga qarshi muhim uchrashuv kutmoqda.