«Chelsi» sobiq futbolchisi narkotik moddalar savdosida gumonlanib qo‘lga olindi
«Vest Bromvich» va «Chelsi» klublarining sobiq himoyachisi Nil Klement Ispaniyada narkotik moddalarni sotib olish va saqlashda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.
47 yoshli sobiq futbolchi Marbelya va Fuenxirola shaharlari oralig‘idagi Riviera del Sol savdo markazida qo‘lga olingan. Tintuv davomida uning yonidan va yashash joyidan turli turdagi taqiqlangan moddalar hamda naqd pul mablag‘lari topilgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, operatsiya davomida bir kilogrammdan ortiq narkotik moddalar musodara qilingan. Mazkur tadbir mahalliy aholining shubhali harakatlar borasidagi shikoyatlaridan so‘ng amalga oshirilgan tekshiruvning bir qismidir.
Ma’lumot o‘rnida, Nil Klement 2000 yildan 2010 yilga qadar «Vest Bromvich» sharafini himoya qilgan bo‘lib, jamoa safida 295 ta o‘yinda maydonga tushgan va 24 ta gol muallifiga aylangan. Faoliyatining avvalida u «Chelsi» klubi a’zosi ham hisoblangan. Hozirda sud qarori bilan u tergov yakuniga qadar garov evaziga ozodlikka qo‘yib yuborilgan.