“Chelsi” sardori operatsiya qilindi: Jeyms uzoq muddatga safdan chiqishi mumkin
Londonning “Chelsi” klubi sardori Ris Jeyms tizzasidan olgan jarohati sabab jarrohlik amaliyotini boshdan kechirdi. Angliyalik himoyachi mashg‘ulot vaqtida jarohat olgan va tibbiy tekshiruvlardan so‘ng uni operatsiya qilishga qaror qilingan. Bu haqda “Chelsi” klubi rasmiy bayonotida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli o‘tgan. Futbolchi hozirda klubning Kobhemdagi mashg‘ulot bazasida shifokorlar nazorati ostida tiklanish jarayonini boshlagan. “Chelsi” uning maydonga qaytish muddatini rasman e’lon qilmagan.
Sky Sports ma’lumotiga ko‘ra, 26 yoshli himoyachi taxminan uch oy davomida maydonga tusha olmasligi mumkin. Uning yo‘qligi jamoaning himoya chizig‘idagi imkoniyatlarini cheklashi kutilmoqda. Biroq tiklanish muddati futbolchining sog‘ayish jarayoniga qarab o‘zgarishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Ris Jeyms “Chelsi” akademiyasi tarbiyalanuvchisi va Angliya milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. So‘nggi mavsumlarda jarohatlar uning muntazam o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishiga bir necha bor to‘sqinlik qilgan.