«Chelsi» qishda Uorton uchun 93 million yevro taklif qilishi mumkin
Angliya terma jamoasi va «Kristal Pelas» yarim himoyachisi Adam Uorton Londonning «Chelsi» klubi qiziqish doirasiga tushdi. Insayder Ekrem Konur ma’lumotiga ko‘ra, «ko‘klar» 22 yoshli futbolchini qishki transfer oynasida o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda.
«Chelsi» rahbariyati Uorton transferi uchun taxminan 93 million yevro sarflashga tayyor. Londonliklar futbolchini o‘tgan yozda ham xarid qilishga uringan, ammo kelishuv amalga oshmagan.
Uorton 2024 yildan buyon «Kristal Pelas» sharafini himoya qilib kelmoqda. Yarim himoyachining bozor qiymati 70 million yevro atrofida baholanmoqda. Uning klub bilan shartnomasi 2029 yil iyun oyi oxiriga qadar amal qiladi.
Angliya chempionatining joriy mavsumida Uorton to‘rtta uchrashuvda maydonga tushdi va hozircha gol yoki assist qayd etmadi.