«Chelsi» «Portu» darvozaboni Diogu Koshtani sotib olishni ko‘rib chiqmoqda
Londonning «Chelsi» klubi Portugaliyaning «Portu» jamoasi darvozaboni Diogu Koshtani o‘z safiga qo‘shib olishi mumkin. Bu haqda Daily Mirror nashri xabar tarqatdi.
Manbaning ta’kidlashicha, ingliz klubining yangi bosh murabbiyi Xabi Alonso jamoaning himoya chizig‘ini, xususan, darvoza pozitsiyasini kuchaytirmoqchi. Ayni damda Koshta «ko‘klar» uchun asosiy transfer maqsadlaridan biri bo‘lib turibdi.
Hozirgi vaqtda «Portu» o‘z darvozabonini 60 million yevroga baholamoqda, biroq Diogu Koshta AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tayotgan Jahon chempionatida o‘zini ko‘rsata olsa, ushbu mablag‘ miqdori yanada oshishi mumkin.
Ortda qolgan mavsumda Koshta «Portu» tarkibida barcha turnirlar doirasida 49 ta o‘yinda maydonga tushib, ularning 26 tasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, darvozabonning ayni damdagi bozor bahosi 40 million yevroni tashkil etadi.
Eslatib o‘tamiz, «Portu» klubi 2025/2026-yilgi mavsumda Portugaliya chempionligini muddatidan avval qo‘lga kiritgan edi.