«Chelsi» Pedroni «Barselona»ga sotish niyati yoʻqligini maʼlum qildi
Londonning Chelsi klubi hujumchi Joao Pedro bo‘yicha o‘z pozitsiyasini aniqlashtirib oldi va uchinchi shaxslar orqali Barselonaga ushbu futbolchini sotish niyati yo‘qligini ma’lum qildi. Londonliklar hozirgi transfer bozorida 24 yoshli braziliyalik forvardga mos narxda munosib o‘rinbosar topish imkonsiz ekanligini ta’kidlamoqda.
Avvalroq Ispaniya matbuotida Barselona Pedroni Xulian Alvaresga muqobil variant sifatida ko‘rayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi, biroq Joao Pedroning o‘zi ham hozircha Londonni tark etish haqida o‘ylamayapti va bor e’tiborini jahon chempionatiga tayyorgarlikka qaratgan.
Joao Pedro joriy mavsumda Chelsi tarkibida barcha turnirlar doirasida jami 46 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 19 ta gol va 9 ta golli uzatmani yozdirib qo‘ydi. Transfer tafsilotlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, aristokratlar o‘tgan yilning yozida futbolchini Brayton klubidan 63,7 million yevro evaziga sotib olishgan edi.
Hozirda Transfermarkt portali braziliyalik forvardning bozor bahosini 65 million yevro atrofida baholamoqda va uning klub bilan amaldagi mehnat shartnomasi 2033 yilning yoziga qadar imzolangan. Shartnomaning o‘ta uzoq muddatliligi sababli Chelsi har qanday taklifni rad etish yoki juda katta mablag‘ talab qilish huquqiga ega.