«Chelsi» Palmerning tezroq tiklanishi uchun unga maxsus butsalar tayyorladi
Londonning «Chelsi» klubi yarimhimoyachi Koul Palmerning jarohatidan tezroq tiklanishi uchun maxsus choralar ko‘rdi.
The Telegraph nashrining xabar berishicha, futbolchi uchun unikal o‘yin butsasi tayyorlangan, uning maqsadi maydonga tezroq qaytishini ta’minlashdir.
Yarimhimoyachining oyoq barmog‘ida jarohat chorshanba kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Palmer o‘z uyida kichik barmog‘ini shikastlab olgan va natijada mayda yoriq aniqlangan.
Manbaga ko‘ra, klub futbolchining tiklanish jarayonini tezlashtirish ustida faol ishlamoqda. Uning uchun tayyorlangan butsa shunday maxsus ishlab chiqilganki, jarohatlangan barmoqqa tushadigan yukni maksimal darajada kamaytiradi. Bu chora harakatlar va mashg‘ulotlar vaqtida qulaylikni ta’minlash hamda jarohatning og‘irlashishini oldini olishga qaratilgan.
Kutilishicha, ushbu individual butsadan foydalanish futbolchining kelasi haftada maydonga qaytishiga imkon beradi.