«Chelsi» olti nafar futbolchi bilan xayrlashadi
Londonning "Chelsi" klubida tarkibni "tozalash" ishlari davom etmoqda. "Ko‘klar" joriy transferlar davrida sotuvlardan 230 mln yevrodan ko‘proq mablag‘ ishlab olishdi, ammo bu bilan to‘xtab qolishmoqchi emas.
Jurnalist Fabritsio Romanoning ma'lum qilishicha, "Chelsi" nafaqat avval xabar qilinganidek, Kristofer Nkunku va Nikolas Jekson bilan, balki yana to‘rt nafar futbolchi - Renatu Veiga, Ben Chilwell, Rahim Sterling va Aksel Disasi bilan ham xayrlashishga qaror qilgan.
Yuqorida nomlari keltirilgan barcha futbolchilar tarkibdan chetlatilgan va transfer oynasi yopilishidan oldin klubni tark etishi kutilmoqda.
Qayd etish kerakki, "Chelsi"da xaridlar ham talaygina: londonliklar 8 nafar futbolchini o‘z safiga qo‘shib oldi va jami 280 mln yevro atrofida mablag‘ sarfladi.