«Chelsi» Marko Palestra transferini yakunlashga yaqin
“Chelsi” A Seriyaning eng yaxshi himoyachisi deb topilgan Marko Palestra transferini yakunlashga yaqin. Insayder Fabritsio Romano ma’lumotiga ko‘ra, London klubi “Atalanta” himoyachisini sotib olish bo‘yicha muzokaralarda muhim bosqichga yetib kelgan.
“Chelsi” futbolchi uchun 50 million yevro to‘lashga tayyor. Bonuslar inobatga olinsa, kelishuvning umumiy qiymati 55 million yevrodan oshishi mumkin. Avvalroq Marko Palestraga Milanning “Inter” klubi ham qiziqish bildirgani xabar qilingandi. Biroq manbaga ko‘ra, “Inter” “Chelsi” taklifini takrorlashga tayyor emas.
Hozirda transferni yakunlash uchun futbolchining “Atalanta” tomonidan so‘nggi ruxsatni olishi qolgan. 21 yoshli o‘ng qanot himoyachisi o‘tgan mavsumni ijara asosida “Kalyari” safida o‘tkazdi.
U 2025/26-yilgi mavsumda A Seriyada 37 ta uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 4 ta golli uzatmaga mualliflik qildi.
Mavsum yakunida Palestra Italiya A Seriyasining eng yaxshi himoyachisi deb e’tirof etildi. Agar kelishuv yakuniga yetsa, “Chelsi” himoya chizig‘ini Yevropaning eng istiqbolli yosh futbolchilaridan biri bilan kuchaytiradi.