«Chelsi» Garnachoni sotib yuborishga tayyor — manba
Londonning «Chelsi» klubi kelayotgan yozgi transferlar oynasida vinger Alexandro Garnacho borasidagi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Bu haqda taniqli jurnalist Saymon Fillips xabar bermoqda.
Garnacho o‘tgan yilning yozida 40 million funt sterling evaziga «Manchester Yunayted»dan «aristokratlar» safiga ko‘chib o‘tgan edi. Biroq 21 yoshli argentinalik futbolchi London jamoasining asosiy tarkibidan muqim joy egallay olmadi. U Angliya Premyer-ligasining joriy mavsumida atigi bitta gol urishga muvaffaq bo‘ldi, xolos.
«Chelsi» rahbariyati Alexandroga boshqa klublar tomonidan jiddiy qiziqish bo‘lishini kutmoqda va uni sotib olingan narxida, ya’ni 40 million funt evaziga qo‘yib yuborishga tayyor.
Fillipsning ta’kidlashicha, klub rahbariyati ushbu transferni amalga oshirganidan biroz afsusda. Ma’lum bo‘lishicha, Garnacho avgust oyining oxirida, transfer oynasi yopilishi arafasida, bozorda boshqa munosib variantlar qolmagan bir paytda shoshilinch ravishda sotib olingan.
Ma’lumot o‘rnida, Alexandro Garnacho joriy mavsumda barcha turnirlar doirasida «Chelsi» safida jami 31 ta uchrashuvda maydonga tushdi.