«Chelsi» futbolchilari Enso Mareskaning isteʼfoga chiqarilishi va jamoaning Liam Rosenyor qoʻl ostidagi hozirgi natijalaridan norozi boʻlmoqda
Londonning «Chelsi» klubi kiyim almashtirish xonasida rahbariyatga nisbatan norozilik kayfiyati kuchayib bormoqda. Bunga Enso Mareskaning iste’foga chiqarilishi va jamoaning Liam Rosenyor qo‘l ostidagi hozirgi natijalari sabab bo‘lmoqda. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, yarimhimoyachi Enso Fernandes yuzaga kelgan vaziyatdan eng ko‘p norozilik bildirayotgan futbolchilardan biri bo‘lib turibdi. Bundan tashqari, London klubining bir qator asosiy futbolchilari faoliyatini boshqa jamoalarda davom ettirish variantlarini ko‘rib chiqishni boshlagan.
«Chelsi» xo‘jayinlari o‘tgan yozdan buyon argentinalik xavbek bilan shartnomani uzaytirishga urinishmoqda, chunki uni klub loyihasining muhim qismi deb hisoblashadi. Biroq hozircha bu boradagi harakatlar natija bergani yo‘q.
Joriy mavsumda Fernandes barcha turnirlar doirasida 46 ta o‘yinda maydonga tushib, 12 ta gol va 6 ta golli uzatmaga mualliflik qildi. Futbolchining klub bilan amaldagi shartnomasi 2032 yilning yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 90 million yevroni tashkil etadi.