«Chelsi» Enzo Fernandes oʻrniga uch nafar nomzodini koʻrib chiqmoqda
Argentinalik futbolchi yozda jamoasini o'zgartirishi mumkin.
FOTO: Getty Images
Londonning «Chelsi» klubi yozgi transfer oynasi arafasida yarimhimoyachi Enzo Fernandesning o‘rnini egallashi mumkin bo‘lgan nomzodlarni o‘rganishga kirishdi. Caught Offside nashri xabariga ko‘ra, ayni paytda «ko‘klar» rahbariyati uch nafar futbolchi nomzodini ko‘rib chiqmoqda.
- Elliot Anderson («Nottingem Forest»): London klubi ushbu futbolchiga jiddiy qiziqish bildirmoqda. Biroq, «Nottingem Forest» o‘z yarim himoyachisini 100 million funt sterling (taxminan 116 million yevro) miqdorida baholayotgani sababli, mazkur transferning amalga oshishi murakkab kechishi kutilmoqda.
- Kes Smit («AZ Alkmar»): Niderlandiyaning «AZ Alkmar» klubida to‘p surayotgan 20 yoshli iqtidorli yarim himoyachi ham «Chelsi» skautlari e’tiboriga tushgan.
- Mateus Mane («Vulverxempton»): Ro‘yxatdagi eng yosh nomzod bo‘lib, «bo‘rilar»ning 18 yoshli a’zosi istiqbolli futbolchi sifatida baholanmoqda.
Qayd etilishicha, «Chelsi» rahbariyati Enzo Fernandesni zudlik bilan sotish niyatida emas. Shunday bo‘lsa-da, klub kelajakda voqealar rivoji uning jamoani tark etishi bilan yakunlanishi ehtimoliga qarshi strategik tayyorgarlik ko‘rmoqda.
Nasrullo Karimov
Jurnalist