“Chelsi” Enso Fernandesga o‘rinbosar topdi
“Chelsi” yarim himoyachi Enso Fernandes jamoani tark etadigan bo‘lsa, uning o‘rniga “Monako” futbolchisi Lamin Kamarani sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda TEAMtalk nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, London klubi 22 yoshli senegallik futbolchi bo‘yicha muzokaralarni avgust oyining katta qismida olib borgan. “Monako”ni taxminan 60 million yevrolik taklif qanoatlantirishi kutilmoqda.
“Chelsi” Kamarani Enso Fernandesning ehtimoliy o‘rnini bosuvchi asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rmoqda. Fernandesga “Manchester Siti” jiddiy qiziqish bildirmoqda va uning transferi amalga oshsa, londonliklar Kamara bo‘yicha kelishuvni tezlashtirishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Lamin Kamara joriy mavsum “Monako” safida barcha musobaqalarda uchta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urgan. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2029-yilgacha mo‘ljallangan, Transfermarkt futbolchini 40 million yevroga baholamoqda.