«Chelsi» Enso Fernandes transferi uchun so‘nggi muddatni belgiladi
“Chelsi” o‘z yarim himoyachisi Enso Fernandes transferi bo‘yicha muzokaralar uchun so‘nggi muddatni belgiladi. London klubi tomonlar juma kuni kechqurungacha kelishuvga erishishini kutmoqda. Bu haqda jurnalist va insayder Fabritsio Romano X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, agar belgilangan vaqtga qadar klublar kelishuvga erisha olmasa, Fernandesning transferi amalga oshmaydi.
25 yoshli argentinalik futbolchini tarkibiga qo‘shib olmoqchi bo‘lgan klublar “Chelsi”ga 140,5 million yevro miqdorida toza taklif taqdim etishi kerak.
Ayni paytda “Manchester Siti” Fernandes uchun asosiy da’vogar hisoblanmoqda. “Shaharliklar” futbolchining vakillari bilan bir necha kundan beri muzokara olib bormoqda va bu holat “Chelsi” rahbariyatiga ham ma’lum.
Fernandes 2023 yil qishida “Benfika”dan “Chelsi”ga o‘tgan. Shu vaqtdan beri londonliklar safida barcha turnirlarda 166 ta uchrashuvda ishtirok etib, 30 ta gol urdi.
Argentinalik futbolchi “Chelsi” bilan 2024/25 yilgi Konferensiyalar ligasi va 2025 yildagi klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib chiqqan.
Fernandesning “Chelsi” bilan amaldagi shartnomasi 2032 yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, uning bozor qiymati 100 million yevroni tashkil etadi.