«Chelsi» bosh murabbiyligi uchun asosiy nomzod maʼlum boʻldi — talkSPORT
«Bornmut» bosh murabbiyi Andoni Iraola «Chelsi»dan bo‘shatilgan Liam Rosenyorning o‘rnini egallash uchun asosiy nomzod bo‘lib turibdi. Bu haqda talkSPORT nashri xabar bermoqda.
Kecha angliyalik mutaxassis bosh murabbiy lavozimidan iste’foga chiqarilgan edi.
Potensial nomzodlar qatoridan «Nyukasl» ustozi Eddi Xau, «Portu»ni boshqarayotgan Franchesko Farioli, shuningdek, Filipe Luis va Edin Terzichlar o‘rin olgan. Biroq kelayotgan yozda jamoani doimiy asosda boshqarish uchun Iraola ustuvor variant hisoblanadi. Bask mutaxassisi joriy mavsum yakunlangach, hozirgi klubini tark etishini allaqachon rasman e’lon qilgan. Avvalroq Iraola Oliver Glasnerning o‘rinbosari sifatida ko‘rilgan «Kristal Pelas» taklifini rad etgan edi.
Joriy mavsum yakuniga qadar «ko‘klar» bosh murabbiyi vazifasini Kalum Makfarleyn bajarib turadi. U Liam Rosenyor iste’foga chiqarilgach, vaqtinchalik murabbiy sifatida bu lavozimni egalladi. Klub yozgi mavsumoldi tayyorgarliklar boshlanguniga qadar yangi murabbiyni tasdiqlash uchun saralash jarayonini puxta o‘tkazishni rejalashtirmoqda.