«Chelsi» Anselmino ijarasini muddatidan avval yakunlamoqchi
Londonning «Chelsi» klubi markaziy himoyachi Aaron Anselmino ijarasini Dortmundning «Borussiya» klubida muddatidan oldin yakunlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Klub 20 yoshli futbolchini qishgi transfer oynasida qaytarish opsiyasiga ega. Bunga sabab Anselminoning orqa son mushaklaridagi jarohat bo‘lib, u nemis klubida belgilangan minimal o‘yin daqiqalarini o‘ynay olmadi, deya xabar beradi Sky Sport Germany.
Shu bilan birga, futbolchi Dortmunddagi vaqtidan mamnunligini bildirgan, biroq yakuniy qaror «Chelsi»ga tegishli.
Joriy mavsumda Anselmino barcha turnirlarda «Borussiya» safida 9 ta o‘yin o‘tkazib, 1 ta gol va 1 ta assist qayd etgan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 12 mln yevroni tashkil etadi.