locale OZ

Cheferin: “FIFA mojarosidan keyin futbolga bo‘lgan ishonch tiklangani yo‘q”

Gap FIFA prezidenti Janni Infantino ilgari surgan FIFA Forward Enterprise loyihasi haqida ketmoqda.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Cheferin: “FIFA mojarosidan keyin futbolga bo‘lgan ishonch tiklangani yo‘q”
Foto: Getty Images

UEFA prezidenti Aleksander Cheferin FIFAning xususiy investorlarni jalb qilish bo‘yicha bahsli loyihasi bekor qilinganiga qaramay, jahon futboliga bo‘lgan ishonch hali tiklanmaganini aytdi. U bu fikrlarni 23-sentabr kuni Portugal Football Summit anjumaniga yo‘llagan videomurojaatida bildirdi.

Cheferinning ta’kidlashicha, futbolga bo‘lgan ishonch birlik, shaffoflik va barcha manfaatdor tomonlarga xizmat qiladigan boshqaruvga tayanadi. UEFA rahbari so‘nggi voqealarda ushbu tamoyillarga putur yetganini bildirib, bahsli loyiha bekor qilingan bo‘lsa-da, uning oqibatlarini bartaraf etish uchun hali ko‘p ish qilish kerakligini ta’kidladi.

Gap FIFA prezidenti Janni Infantino ilgari surgan FIFA Forward Enterprise loyihasi haqida ketmoqda. Ushbu tashabbus FIFAning tijoriy huquqlari, jumladan Jahon chempionatiga aloqador aktivlarning 20 foizigacha bo‘lgan ulushini tashqi investorlarga taklif qilishni nazarda tutgan. UEFA, OFK va CONCACAF kabi konfederatsiyalarning keskin qarshiligidan so‘ng loyiha bekor qilindi. Keyinchalik Infantino FIFAning yirik qarorlarni qabul qilish tizimi bo‘yicha mustaqil tashqi tekshiruv o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, Cheferin va CONCACAF prezidenti Viktor Montaglyani FIFA moliyaviy zaxiralarini mustaqil tekshiruvdan o‘tkazish hamda 2027–2030-yillarda tashkilotning 211 a’zo assotsiatsiyasining har biriga kamida 10 million dollardan qo‘shimcha mablag‘ ajratishni taklif qilgan. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, FIFAning joriy sikl yakunidagi zaxiralari qariyb 6 milliard dollarga yetishi mumkin.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting