Chalxanog‘lu faoliyatidagi eng yaxshi jamoadoshlarini nomladi
“Inter” yarim himoyachisi Hakan Chalxanog‘lu faoliyati davomida birga to‘p tepgan eng kuchli futbolchilar haqida fikr bildirdi. 32 yoshli turkiyalik futbolchi klub va terma jamoalardagi eng yaxshi jamoadoshlarini sanab o‘tdi.
Chalxanog‘lu umumiy faoliyati davomida eng yaxshi jamoadoshlari sifatida Zlatan Ibrahimovich va Son Xyon Minni alohida ta’kidladi. Shu bilan birga, u ko‘plab yuqori saviyali futbolchilar bilan birga o‘ynaganini va faqat ikki nafar futbolchini tanlash oson emasligini aytdi.
“Inter”dagi jamoadoshlari orasidan esa Chalxanog‘lu Markus Tyuramni ajratib ko‘rsatdi va fransiyalik hujumchining o‘yin uslubi unga yoqishini bildirdi. Turkiya terma jamoasida birga to‘p tepgan futbolchilar orasidan Arda Turan, Emre Belo‘zo‘g‘li va Kenan Yildizni tilga oldi.
Ma’lumot uchun, Chalxanog‘lu 2021-yildan buyon “Inter” safida to‘p tepmoqda. U bunga qadar “Milan”, Leverkuzenning “Bayer” klubi va “Gamburg”da faoliyat olib borgan. Futbolchining “Inter” bilan amaldagi shartnomasi 2027-yil yozida yakuniga yetadi.