locale OZ

Buyuk Britaniya parlamenti deputati Layla Moran Harri Keynga ritsarlik unvonini berishni taklif qildi

Bu haqda Liberal demokratlar partiyasining rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Futbol
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Buyuk Britaniya parlamenti deputati  Layla Moran Harri Keynga ritsarlik unvonini berishni taklif qildi
photo: gettyimages

Buyuk Britaniya parlamenti deputati Layla Moran Angliya milliy terma jamoasi hujumchisi Harri Keynni futbol rivojiga qo‘shgan hissasi uchun ritsarlik unvoni bilan taqdirlashni taklif qildi. Bu haqda Liberal demokratlar partiyasining rasmiy saytida ma’lum qilindi.

“Harri Keyn maydonda ham, undan tashqarida ham ilhomlantiruvchi yetakchilik va kuchli xarakter namoyish etdi. U mamlakatimizni buyuk qiladigan qadriyatlarni munosib himoya qilib kelmoqda”, deyiladi Layla Moran murojaatida.

Harri Keynning Jahon chempionati 1/16 finalida Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi uchrashuvda urgan ikkita goli unga mundiallar tarixidagi gollari sonini 13 taga yetkazish imkonini berdi. Natijada u ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha braziliyalik afsonaviy Pele ortda qoldirdi.

Harri Keynning dubli evaziga Angliya terma jamoasi Kongo Demokratik Respublikasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozonib, 1/8 final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Endi inglizlar 6 iyul kuni musobaqa mezbonlaridan biri bo‘lgan Meksika terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yilda Rossiyada o‘tgan Jahon chempionatidan so‘ng Harri Keyn Britaniya imperiyasi ordeni kavaleri unvoni bilan taqdirlangan edi. Bu mukofot ritsarlik unvoniga eltuvchi dastlabki bosqichlardan biri hisoblanadi.

Britaniya imperiyasi ordeni 1917 yilda qirol Georg V — hozirgi monarx Karl III ning katta bobosi tomonidan ta’sis etilgan. Mazkur orden besh darajadan iborat. Eng quyi daraja — Britaniya imperiyasi ordeni kavaleri, undan keyin ofitser, komandor, ritsar va dama-komandor, shuningdek, eng yuqori daraja — Buyuk xoch ritsari yoki damasi unvonlari keladi. So‘nggi ikki daraja egalari avtomatik ravishda ritsarlik maqomiga ega bo‘lib, erkaklar ismiga “Ser”, ayollar ismiga esa “Dama” faxriy unvoni qo‘shib aytiladi.

Biroq 32 yoshli Harri Keynning ayni paytda ritsarlik unvonini qo‘lga kiritish ehtimoli unchalik yuqori emas. Masalan, Angliya terma jamoasi va “Manchester Yunayted”ning sobiq yarim himoyachisi Devid Bekhem ritsarlik unvoniga faqat o‘tgan yilning noyabr oyida, professional faoliyatini yakunlaganidan 12 yil o‘tib sazovor bo‘lgan.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting