Bundesliga. «Bavariya» safarda «Borussiya»ni qiyinchilik bilan magʻlub etdi
Germaniya Bundesligasining 24-turidan o‘rin olgan markaziy bahsda amaldagi peshqadam Myunxenning «Bavariya» klubi mehmonda Dortmundning «Borussiya» jamoasi bilan kuch sinashdi. «Dortmund» stadionida kechgan va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan ushbu uchrashuv mehmonlarning 3:2 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘yinning dastlabki bo‘limida mezbonlar faollik ko‘rsatishdi. 26-daqiqada «Borussiya» himoyachisi Niko Shlotterbek darvozani ishg‘ol qilib, hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda Vensan Kompani shogirdlari bosimni oshirishdi. 54-daqiqada myunxenliklar hujumchisi Harri Keyn muvozanatni tiklagan bo‘lsa, 70-daqiqada aynan u penaltini aniq amalga oshirib, dublni rasmiylashtirdi. O‘yin yakuniga yaqin, 83-daqiqada mezbonlar himoyachisi Daniel Svensson muvozanatni tikladi va muxlislarda durang uchun umid uyg‘otdi. Biroq 87-daqiqada «Bavariya» xavbeki Joshua Kimmix jamoasiga g‘alaba keltiruvchi gol muallifiga aylandi.
Ushbu g‘alabadan so‘ng Myunxen klubi o‘z ochkolari sonini 63 taga yetkazib, Bundesliga jadvalida yakka peshqadamlikni davom ettirmoqda. Niko Kovach boshchiligidagi «Borussiya» esa 52 ochko bilan turnir jadvalining ikkinchi pog‘onasini band etib turibdi.
Bundesliga. 24-tur
«Borussiya D» — «Bavariya» 2:3
Gollar: Shlotterbek (26), Svensson (83) — Keyn (54, 70), Kimmix (87).