Bugun hammasini hal qilamiz: Masharipovning tarixiy o‘yin oldidagi ilhomlantiruvchi nutqi
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Jahon chempionati saralash bosqichida BAAga qarshi o‘yindan oldin terma jamoa kiyinish xonasida suratga olingan videoni e’lon qildi. Unda jarohat olganiga qaramay jamoa bilan birga bo‘lgan Jaloliddin Masharipovning motivatsion nutqi aks etgan — bu so‘zlar futbolchilar uchun juda katta ma’naviy qo‘llab-quvvatlov bo‘lgan.
«Shu paytgacha hammamiz aytdik: Vatan uchun, ota-ona, xalq, O‘zbekiston uchun deb. Bularning hammasi aytilgan. Endi esa — nuqta qo‘yadigan o‘yin», — dedi Masharipov. U jamoada birdamlik va do‘stona muhitga urg‘u berdi:
«3-4 yildan beri biz bir-birimizni oilamizdagilardan ham ko‘p ko‘ryapmiz. Demak, bu jamoa — bizning ikkinchi oilamiz. Kelinglar, bugun ham shuni isbotlaylik. O‘zbekistonda millionlab odamlar bizni kutyapti. Ushbu 90 daqiqadan so‘ng boshimiz egilib o‘tirmasligimiz kerak. Bu kun yurtimiz uchun bayramga aylansin».Masharipov BAA termasida ko‘plab tabiiylashtirilgan legionerlar borligini ham eslab o‘tdi, ammo raqibning ismi va kelib chiqishiga qarab hayiqmaslikka chaqiradi:
«Bitta o‘yin qoldi — Qatarga qarshi o‘yin bizga kerak emas. Bugun hammasini hal qilamiz. Agar birdam bo‘lsak, ulardan hech biri bizdan kuchli emas. Xohlasa, Braziliyadan yoki Portugaliyadan futbolchi olib kelishsin — farqi yo‘q. Bugungi kun bizniki, kim turishidan qatʼi nazar, natijani biz hal qilishimiz kerak».Nutqining yakunida u jamoa uchun duo qilayotgan butun xalqning qo‘llab-quvvatlashi haqida to‘xtalib o‘tdi:
«Bugun hamma bizning yonimizda. Butun O‘zbekiston, ota-onalarimiz — kimdir Makkada, kimdir yurtimizda — bizni duo qilyapti. Xudo xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Qo‘rqmaymiz, maydonda 100 foiz o‘zimizni berib o‘ynaymiz. Qolgani — Allohning qo‘lida», — deya so‘zini yakunladi Masharipov.