Brunu Fernandesh “Manchester Yunayted” safida Ronalduning natijasini takrorladi
“Manchester Yunayted” sardori Brunu Fernandesh Angliya Premyer Ligasida Krishtianu Ronalduning bir ko‘rsatkichini takrorladi. Portugaliyalik yarim himoyachi APLda “qizil iblislar” safida o‘tkazilgan o‘yinlar soni bo‘yicha hamyurtiga tenglashdi. Bu haqda Opta Analyst statistik portali ma’lumot bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Tottenxem”ga qarshi 1:1 hisobida yakunlangan uchrashuv Fernandesh uchun Angliya chempionatidagi 236-o‘yin bo‘ldi. Shu tariqa, 32 yoshli futbolchi “Manchester Yunayted” safida APLda 236 ta uchrashuvda qatnashgan Krishtianu Ronalduning natijasini takrorladi.
Fernandesh 2020-yilning yanvar oyidan buyon Manchester klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. U shu vaqtgacha Premyer Ligada 74 ta gol urib, 73 ta golli uzatmani amalga oshirgan. Ronaldu esa “Manchester Yunayted” safida 2003–2009 hamda 2021–2022-yillarda faoliyat yuritib, APLda 103 ta gol va 37 ta assist qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Brunu Fernandesh 2025/26-yilgi mavsumda Angliya Premyer Ligasida 21 ta golli uzatmani amalga oshirib, bir mavsumda eng ko‘p assist qayd etish bo‘yicha musobaqa rekordini yangilagan edi.