Bruno Jenezio «Lill»ni tark etishga yaqin turibdi
Fransiyalik mutaxassis Bruno Jenezio katta ehtimol bilan «Lill» klubini tark etadi. Bu haqda L’Équipe nashri xabar bermoqda.
Murabbiy qo‘l ostida jamoa 61 ochko bilan Liga 1 turnir jadvalida uchinchi o‘rinni egallab turibdi va jamoa Chempionlar Ligasiga chiqishga juda yaqin. Shunga qaramay, mutaxassis avvalroq klub bilan hamkorlikni uzaytirish bo‘yicha hozircha hech qanday ma’lumot yo‘qligini tasdiqlagan edi. Jenezioning «Lill» bilan amaldagi shartnomasi shu yozda yakuniga yetadi.
Manba bergan ma’lumotga ko‘ra, «Lill» allaqachon Jenezioga munosib o‘rinbosar qidirishni boshlagan. Ushbu lavozimga asosiy nomzod sifatida «Trua» ustozi Stefan Dyumon ko‘rilmoqda, biroq u o‘zi endigina Liga 1’ga olib chiqqan jamoani tark etishi dargumon.
Yana bir variant sifatida avvalroq «Yuventus»da faoliyat yuritgan Tyago Motta nomi tilga olinmoqda. Jenezioning faoliyatidagi keyingi manzili esa «Marsel» yoki «Nitstsa» bo‘lishi mumkin.