Bruno Gimaraynsh Braziliya terma jamoasining Jahon chempionatlaridagi 40 yillik antirekordini takrorladi
Braziliya milliy terma jamoasi yarim himoyachisi Bruno Gimaraynsh JCh-2026 nimchorak finali (1/8 bosqichi) doirasidagi Norvegiyaga qarshi uchrashuvda penaltidan unumli foydalana olmadi.
Shu tariqa, u Braziliya bosh jamoasi safida mundiallar tarixida o‘yin davomida (penaltilar seriyasidan tashqari) 11 metrlik jarima zarbasini aniq amalga oshirolmagan oxirgi 40 yildagi ilk futbolchiga aylandi. Bu haqda Squawka statistik sahifasi X ijtimoiy tarmog‘ida xabar bermoqda.
Bundan avval, aniqrog‘i 1986-yilgi Jahon chempionatida Braziliya hamda Fransiya terma jamoalari o‘rtasidagi bahsda afsonaviy Ziko penaltini golga aylantira olmagan edi. O‘sha uchrashuv yakunda yevropaliklarning g‘alabasi bilan tugagan (1:1, penaltilar seriyasida — 4:3).
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026ning 1/16 final bosqichida Braziliya terma jamoasi Yaponiya to‘sig‘idan o‘tgan edi (2:1), Norvegiya esa Kot-d`Ivuar ustidan g‘alaba qozongandi (2:1).
Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi. Ular 2022-yili Qatarda o‘tgan mundial finalida Fransiya bilan durang o‘ynab (3:3), penaltilar seriyasida (4:2) zafar quchishgan.