Brian Ortega va Renato Moykano UFC 331 turnirida revansh o‘tkazadi
Ular ilk bor 2017-yilda UFC 214 turnirida jang qilgan.
Foto: Getty Images
UFC tashkiloti yengil vazn reytingida 10-o‘rinni egallab turgan Renato Moykano va sobiq chempionlik kamari da’vogari Brian Ortega o‘rtasidagi revansh jangini rasman e’lon qildi.
Jang 20-sentabr kuni AQSHning Los-Anjeles shahrida o‘tkaziladigan UFC 331 turniri doirasida bo‘lib o‘tadi. 37 yoshli Moykano va 35 yoshli Ortega bu safar yengil vazn toifasida to‘qnashadi.
Ular ilk bor 2017-yilda UFC 214 turnirida jang qilgan. Keskin kechgan bahsning uchinchi raundida Ortega raqibini “gilyotina” usuli bilan taslim etib, g‘alaba qozongan edi.
Endi oradan to‘qqiz yil o‘tib, Moykano avvalgi mag‘lubiyati uchun revansh olishga, Ortega esa ustunligini yana bir bor isbotlashga harakat qiladi.
Nasrullo Karimov
Jurnalist