Braziliya klublari bukmekerlik faoliyatiga ehtimoliy taqiqqa qarshi chiqdi
Braziliyaning qator yetakchi futbol klublari mamlakatda bukmekerlik kompaniyalari faoliyatini cheklash yoki ularga nisbatan taqiq joriy etish ehtimoliga qarshi chiqdi. Klublar bunday qaror professional futbolning moliyaviy barqarorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Bu haqda UOL nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Rio-de-Janeyroda o‘tkazilgan uchrashuvda “Flamengo”, “Vasko da Gama”, “Fluminense” va “Botafogo” vakillari bukmekerlik kompaniyalari bilan birgalikda masalani muhokama qilgan. Tomonlar qimor o‘yinlari bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar mavjudligini tan olgan holda, to‘liq taqiq o‘rniga soha ustidan nazoratni kuchaytirish va reklama qoidalarini qat’iylashtirish tarafdori ekanini bildirgan.
Klublarning fikricha, bukmekerlik bozorining keskin cheklanishi homiylik daromadlarining kamayishiga olib kelishi bilan birga, teletranslyatsiya huquqlari, musobaqalardagi mukofot pullari va futbolga yo‘naltirilayotgan boshqa investitsiyalarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Shuningdek, qonuniy kompaniyalarning bozordan chiqishi noqonuniy platformalar faoliyatining kuchayishiga va davlatning soliq tushumlari qisqarishiga sabab bo‘lishi mumkinligi qayd etilgan.
Ma’lumot uchun, ayni paytda Braziliya A Seriyasidagi 13 ta klubning bosh homiysi bukmekerlik kompaniyalari hisoblanadi. Ushbu hamkorliklar bekor qilinsa, klublarning faqat homiylik shartnomalaridan ko‘radigan umumiy zarari qariyb 1 milliard Braziliya reali, ya’ni taxminan 170 million yevroga yetishi mumkin. Braziliya Milliy o‘yinlar va lotereyalar assotsiatsiyasi hisob-kitoblariga ko‘ra, sohadagi cheklovlar sabab sport va boshqa yo‘nalishlarga kiritiladigan investitsiyalar hajmi 2029-yilgacha 9 milliard realga qisqarishi mumkin.