Braziliya hukumati JCh-2026 dagi irqchilik sabab BMT va FIFAga shikoyat yo‘lladi
Prezident Luis Inasiu Lula da Silva boshchiligidagi Braziliya hukumati 2026-yilgi Jahon chempionati davomida kuzatilgan irqchilik hamda nafrat tili holatlari yuzasidan BMT va FIFAga rasmiy shikoyat kiritdi. Bu haqda Globo nashri xabar bermoqda.
Manbaning ta’kidlashicha, turnir davomida o‘tkazilgan monitoring doirasida internetdagi 6 milliondan ortiq nashr va postlar tahlil qilingan. Ularning qariyb 89 mingtasida haqoratli kontent aniqlangan bo‘lib, ushbu xabarlarning 11 foizi aynan irqiy kamsitish xarakteriga ega bo‘lgan.
Braziliya tomoni musobaqa davomida yuz bergan bunday salbiy holatlarning oldini olish, ularni sinchkovlik bilan tekshirish, aybdorlarni jazolash hamda yetkazilgan ma’naviy zararni qoplashga qaratilgan qat’iy choralar ko‘rilishini talab qilmoqda.