Branko Chirich: “Andijon”da ishlash uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan va rivojlanish uchun intilish ham katta”
Xabaringiz bor, bir necha kun oldin “Andijon” jamoamizning murabbiylar shtabiga serbiyalik mutaxassis Branko Chirich qoʻshildi.
U jismoniy tayyorgarlik boʻyicha ishlaydi va Samvel Babayanning murabbiylar shtabidan oʻrin oldi.
Chirich oʻz ishining ustasi boʻlib, unda yetarlicha tajriba bor va futbolchilarning jismoniy holatini yaxshilash ustida ish olib bormoqda.
Klub matbuot xizmati esa Chirich bilan suhbatlashdi.
- “Andijon” taklifni qabul qilishingizga nima turtki berdi?
- “Andijon”dan kelgan taklif menga professional nuqtai nazardan juda qiziq tuyuldi. Klub katta maqsadlarga ega. Ishlash uchun yaxshi sharoitlar yaratilgan va rivojlanishga intilish ham katta. Bu yerdagi loyihalar menga maʼqul va jamoaning muvaffaqiyatlariga oʻz hissamni qoʻsha olishimga ishonaman.
- Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi juda muhim. Ayting-chi, futbolchilar qachon siz oʻylagan darajaga chiqadilar?
- Jismoniy tayyorgarlik - vaqt hamda tizimli mehnat talab qiladigan jarayondir. Biz allaqachon ijobiy oʻzgarishlarni koʻryapmiz. Ammo eng yuqori darajaga mavsum davomida bosqichma-bosqich yetib boramiz. Eng muhimi, barqarorlik, intizom va toʻgʻri yuklama.
- “Andijon” klubi haqida avval qanday maʼlumotga ega boʻlgansiz?
- Men “Andijon”ni oʻz tarixiga, sadoqatli muxlislariga va anʼanalarga ega klub sifatida bilardim. Shuningdek, jamoaning yuqori oʻrinlar uchun kurashish hamda zamonaviy futbolni rivojlantirishga boʻlgan intilishidan ham xabardor edim.
- Siz “Astana” bilan sovrinlarni qoʻlga kiritishda muhim rol oʻynagansiz. Futbolchilar yaxshi jismoniy formada edi. “Andijon”da ham maqsadlar katta va gollar juda muhim...
- Jismoniy tayyorgarlik oʻyin sifatiga, intensivlikka va natijadorlikka toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladi. Futbolchilar jismonan yaxshi tayyor boʻlsa yuqori surʼatda oʻynay oladi. Koʻproq golli vaziyatlar yaratiladi va koʻproq gollar urishadi. “Andijon”da ham jamoani kuchli, chidamlik hamda raqobatbardosh qilish ustida ishlayapmiz.
- Jamoamizdagi faoliyatingizda muvaffaqiyat tilayman.
- Rahmat.