Botirjon Qodirqulov: «Asosiy raqib sifatida Birlashgan Arab Amirliklarining «Banaat» klubini ko‘rsatgan bo‘lardim»
Kecha Ayollar o‘rtasidagi Osiyo Chempionlar ligasi musobaqasining guruh bosqichiga qur’a tashlandi.
Yaxshi bilasiz, ushbu musobaqada O‘zbekiston Oliy ligasining amaldagi chempioni — "Sevinch" klubi yurtimiz sharafini himoya qiladi.
Qur’a natijalari yuzasidan "Sevinch" klubi bosh murabbiyi Botirjon Qodirqulov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga qisqa intervyu berdi.
Qur’a haqida fikrlaringiz?
— Raqiblarimiz haqidagi dastlabki taassurotlar ijobiy. Nazarimda, bu safar o‘tgan yilgiga qaraganda nisbatan qulayroq guruhdan joy oldik. Sababi, o‘tgan mavsumda Nepal, Saudiya Arabistoni va Tailand vakillariga qarshi maydonga tushgan edik. Bu galgi guruh esa nisbatan yengilroq ko‘rinmoqda. Shunga qaramay, har bir raqibni hurmat qilamiz. Musobaqa boshlanguniga qadar ularni puxta o‘rganib, kuchli jihatlariga qarshi munosib tayyorgarlik ko‘ramiz.
Guruhdagi asosiy raqib sifatida qaysi jamoani e’tirof etgan bo‘lardingiz?
— Asosiy raqib sifatida Birlashgan Arab Amirliklarining "Banaat" klubini ko‘rsatgan bo‘lardim. Bu jamoa bejizga birinchi savatchadan o‘rin olmagan. O‘tgan mavsumda biz uchun asosiy raqib "Al-Nasr" klubi bo‘lgandi va ularga qarshi qiyin kechgan bahsda g‘alaba qozonganmiz. 2024-yilgi musobaqada esa "Banaat" safarda aynan "Al-Nasr"ni mag‘lub etib, keyingi bosqichga yo‘l olgan. Bu esa BAA klubidan jiddiy qarshilik kutishimiz kerakligini anglatadi.
Bu yilgi musobaqadan qanday natija kutish mumkin?
— Albatta, har bir jamoa mavsumni chempionlik maqsadi bilan boshlaydi. Bizning maqsadimiz ham shunday. Hech bo‘lmaganda, o‘tgan yilgi natijamizni yaxshilashni istaymiz.
Biroq bunga erishish oson bo‘lmaydi. Chunki bu yil taqvim juda tig‘iz. Hech kimga sir emaski, "Sevinch" futbolchilari O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy o‘yinchilarini tashkil etadi. Terma jamoamiz yilning ikkinchi yarmida Osiyo o‘yinlari hamda Jahon chempionati saralash bahslarida ishtirok etadi. Bundan tashqari, milliy chempionat va kubok uchrashuvlari ham bor.
Shunday ekan, oldimizda juda murakkab mavsum turibdi. Shunga qaramay, futbolchilarimiz ham, jamoamiz ham xalqaro maydonda O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilish uchun bor kuch va imkoniyatini ishga soladi.