Bosqichma-bosqich yaxshi jamoa shakllantiryapmiz, to‘g‘ri yo‘nalishdamiz — Kannavaro
O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Suriyaga (4:1) qarshi o‘yindan so‘ng jamoaning bugungi holati, yangi taktik sxema, pressing va Osiyo kubogidagi ehtimoliy raqiblar haqida fikr bildirdi.
– Biz ushbu o‘yinga yaxshi yondashuv va yuqori kayfiyat bilan yetib keldik. Barcha futbolchilar birgalikda, ahil jamoa bo‘lib ishlamoqda. O‘yindan oldin yigitlarga «o‘rtoqlik o‘yini» degan tushuncha yo‘qligini, har bir o‘yinga jiddiy yondashish kerakligini ta’kidladim. Ulardan yuqori tempda va intensiv o‘ynashni so‘radim. Biz hali ko‘p jihatlarda rivojlanishimiz kerak. Ammo bosqichma-bosqich yaxshi jamoa shakllantirib boryapmiz.
– Endi Janubiy Koreyaga (6 oktabrda) qarshi qiyin safar o‘yini turibdi. Barcha futbolchilarning holati yaxshi va biz to‘g‘ri yo‘nalishda harakat qilishimiz kerak.
– Men barcha futbolchilarning bir xil tempda shug‘ullanishini xohlayman va hammaga birdek qarayman. Menda «asosiy tarkib» yoki «zaxira futbolchisi» degan tushuncha yo‘q. Bugun ba’zi futbolchilarni almashtirish va boshqalarga ham o‘zini ko‘rsatish imkoniyatini berish muhim edi.
– Odamlar o‘yin oson kechdi deb o‘ylashi mumkin. Ammo biz to‘g‘ri boshlaganimiz, ko‘p yugurganimiz va to‘g‘ri pressing qilganimiz sababli o‘yinni o‘zimiz uchun osonlashtirdik. Suriya oson raqib emas. Biz ularning Iordaniyaga qarshi o‘yinini kuzatdik, o‘sha bahs 1:1 hisobida yakunlangan edi. Shuning uchun bu o‘yinga ham jiddiy tayyorlandik.
– Men uchun natijadan ko‘ra, jamoaning xarakteri va jamoaviy o‘yin ko‘rsatishi muhimroq. Eronga qarshi bahsda ham buni ko‘rsatdik. Ular Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri.
– Albatta, doim ham mukammal o‘ynab bo‘lmaydi. Biz mashg‘ulotlarda barcha jihatlar — himoyadan to‘p bilan chiqishdan tortib standart vaziyatlargacha ishlayapmiz. Asosiy e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan jihatlardan biri — bosim o‘tkazish uchun qulay vaqtni his qilish.
– Jahon chempionatida top jamoalarga qarshi o‘ynab, bunday bahslarda intensiv va agressiv bo‘lish qanchalik muhimligini ko‘rdik. Kuchli jamoaga qarshi noqulay vaqtda pressing qilsangiz, raqib bu vaziyatdan oson chiqib ketadi. Shuning uchun futbolchilarga qachon oldinga chiqib bosim o‘tkazish kerakligini o‘rgatyapmiz.
– Futbol — vaqt va hudud o‘yini. To‘p raqibda bo‘lsa, unga o‘ylash uchun vaqt qoldirmaslik maqsadida hududni toraytirishimiz kerak. To‘p bizda bo‘lganda esa, aksincha, ko‘proq vaqtga ega bo‘lish uchun bo‘sh hududlarni kengaytirishimiz lozim. Agar to‘g‘ri vaqtda pressing qilmasangiz, hatto kuchsiz jamoaga qarshi ham muammoga duch kelishingiz mumkin. So‘nggi kunlarda futbolchilar biz ulardan nimani talab qilayotganimizni yaxshi tushunib olishganidan xursandman.
– Jamoam ko‘rsatayotgan o‘yindan mamnunman. Qisqa vaqt ichida futbolchilar yangi tizim va g‘oyalarimizni yaxshi tushunib olishdi. O‘ylaymanki, ular hozirgi futboldan ko‘proq zavq olishyapti, chunki to‘p nazorati asosan bizda bo‘lyapti.
– Osiyo kubogidagi ehtimoliy raqiblar haqida hozirdan gapirish erta. Finalgacha yetib borish uchun to‘g‘ri yo‘lni topishimiz kerak, ammo hozirdan faqat Yaponiyani o‘ylab, boshqa jamoalarga e’tiborni yo‘qotmasligimiz shart.
– Biz barcha raqiblarga qarshi o‘ynashga tayyor bo‘lishimiz kerak. Men Yaponiya futbolini yaxshi bilaman. «Guanchjou Evergrand» bilan Osiyo Chempionlar ligasida yapon jamoalariga qarshi o‘ynaganmiz va ularning qanday futbol ko‘rsatishidan xabarim bor.