“Borussiya” va “Bayer” “Barselona”ning 19 yoshli iqtidoriga qiziqsh bildirmoqda
“Barselona”ning 19 yoshli himoyachisi Xavi Espart Germaniya Bundesligasining ikki klubi — Dortmundning “Borussiya”si va “Bayer” e’tiboriga tushdi. Har ikki klub skautlari futbolchini yaqindan kuzatish uchun Ispaniyaga yo‘l olgani aytilmoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Espartning “Barselona” bilan amaldagi shartnomasi 2028-yil yozigacha mo‘ljallangan. Transfermarkt futbolchining bozor qiymatini 5 million yevro atrofida baholamoqda. Hozircha gap faqat kuzatuv haqida ketmoqda, rasmiy taklif yoki muzokaralar borasida ma’lumot yo‘q.
Espart joriy mavsumda “Barselona”ning asosiy tarkibida muntazam imkoniyat ola boshladi. U La Ligadagi dastlabki besh uchrashuvda maydonga tushib, 1 ta gol va 2 ta golli uzatma qayd etdi. Yaqinda “Levante”ga qarshi bahsda esa asosiy jamoa safidagi ilk golini urdi.
Ma’lumot uchun, Espart “La Masia” tarbiyalanuvchisi bo‘lib, sakkiz yoshidan buyon “Barselona” tizimida shug‘ullanadi. U klub akademiyasining eng istiqbolli himoyachilaridan biri sifatida baholanmoqda.