“Borussiya” futbolchisining holati bo‘yicha dastlabki tahlil natijalari ma’lum bo‘ldi
“Borussiya Dortmund” yarim himoyachisi Konstantinos Karetsas Chempionlar Ligasida “Vilyarreal”ga qarshi o‘yin vaqtida to‘satdan o‘zini yomon his qilib, maydonni zambilda tark etdi. 18 yoshli futbolchida jarohat alomatlari kuzatilmagan, klub esa dastlab qon aylanishi bilan bog‘liq muammo yuzaga kelganini ma’lum qilgan.
Karetsas uchrashuvning birinchi bo‘limida raqib bilan to‘qnashuvsiz yerga yotib qoldi va o‘yinni davom ettira olmasligini bildirdi. Tibbiy yordam ko‘rsatilgach, u qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tish uchun shifoxonaga olib ketildi.
Belgiyaning HLN nashri ma’lumotiga ko‘ra, shifoxonada o‘tkazilgan dastlabki tahlillar futbolchida suvsizlanish bo‘lganini ko‘rsatgan. Karetsasning umumiy sog‘lig‘i yaxshi ekani aytilmoqda. Shu bilan birga, “Borussiya” hozircha yakuniy tashxis bo‘yicha rasmiy bayonot bermagan.
Ma’lumot uchun, “Borussiya Dortmund” Chempionlar Ligasi liga bosqichidagi ilk uchrashuvda “Vilyarreal”ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Karetsas yozda “Genk”dan Dortmund klubiga o‘tgan va ushbu bahs uning Chempionlar Ligasidagi debyuti bo‘ldi.