«Borussiya Dortmund» fransiyalik himoyachi Joan Gadu transferini e’lon qildi
Dortmundning «Borussiya» klubi Avstriyaning «Red Bull Zalsburg» jamoasidan fransiyalik markaziy himoyachi Joan Gadu transferini amalga oshirdi. Klub matbuot xizmatining xabar berishicha, 19 yoshli futbolchi bilan 2031 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan besh yillik shartnoma imzolangan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, «PSJ» akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan futbolchi uchun dortmundliklar 19,5 million yevro to‘lashgan. Gadu hali rasman ochilmagan yozgi transfer oynasidagi jamoaning uchinchi yangi o‘yinchisiga aylandi. Avvalroq klub Braziliyaning «Kruzeyro» jamoasidan lateral Kaua Prates sotib olinganini ma’lum qilgan edi.
Shuningdek, jamoaga Ekvadorning «Independente» klubidan yarim himoyachi Jastin Lerma kelib qo‘shiladi. Eslatib o‘tamiz, «Borussiya» kelgusi mavsum uchun UEFA Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini muddatidan oldin hal qilib bo‘lgan. Dortmundliklar Bundesligada 33 ta o‘yindan so‘ng 70 ochko jamg‘argan holda ikkinchi o‘rinni band etib turishibdi.