«Borussiya D»ning sobiq bosh murabbiyi faoliyatini yakunladi
Avvalroq Germaniyaning bir qator klublarida faoliyat olib borgan shveysariyalik murabbiy Lyusen Favr murabbiylik faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.
«Hozir men 68 yoshdaman, vaqt juda tez o‘tib ketdi. Doim band bo‘lganim, uzluksiz ish jarayonida yurganim sabab yoshimni deyarli unutib qo‘ygan edim. Orqaga nazar tashlasam, murabbiylar tobora yosharyapti. 68 yoshda bu kasbda sen allaqachon juda qarisan.
Bu qarorni ancha oldin qabul qilganman, chunki ayni payt mos kelishini his qildim: hammasi bajarildi, yetarli. Endi men voqealarga shu nuqtai nazardan qaray oladigan yoshdaman», — deya Favrning so‘zlarini keltiradi Blick.
Favr faoliyati davomida Shveysariyada ikki bor mamlakat chempioni va Kubok sohibiga aylangan. Dortmundning «Borussiya»si bilan Germaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan. Tajribali mutaxassis «Nissa», Myonxengladbaxning «Borussiya»si hamda boshqa bir qator jamoalarni ham boshqargan.