Boateng: «Men doim «Real» muxlisi boʻlganman, lekin «Barselona»da oʻynash uchun yolgʻon gapirishimga toʻgʻri kelgan»
«Barselona»ning sobiq yarimhimoyachisi Kevin-Prins Boateng faoliyati davomidagi eng katta sirini ochdi. 2019 yilda «ko‘k-anorranglilar» sharafini himoya qilgan ganalik futbolchi aslida «Real»ning ashaddiy muxlisi ekanini tan oldi.
Boatengning so‘zlariga ko‘ra, u har doim Madridning «Real» klubiga muxlislik qilgan va Krishtianu Ronalduni dunyoning eng yaxshi futbolchisi deb hisoblagan. Biroq, Kataloniya klubiga transfer qilinganidan so‘ng, jamoa ichidagi muhit va muxlislar talabi uni o‘z qarashlarini yashirishga majbur qilgan.
«Mening sevimli jamoam har doim Madridning «Real» klubi bo‘lgan. Krishtianu Ronalduni esa dunyoda tengsiz deb bilardim. Ammo «Barselona»da to‘p surish uchun matbuot anjumanlarida yolg‘on gapirishimga to‘g‘ri kelgan. Aks holda, meni shunchaki maydonga tushirishmasdi, bu imkonsiz edi», — deydi Boateng Transfer News nashriga bergan intervyusida.
Eslatib o‘tamiz, Kevin-Prins Boateng faoliyati davomida «Gerta», «Milan», «Tottenhem», «Ayntraxt» va «Las-Palmas» kabi taniqli jamoalarda to‘p surgan. Uning 2019 yilda «Sassuolo»dan «Barselona»ga kutilmagan ijarasi o‘sha vaqtda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.