“BMB PFC” g‘alabasi bilan yakunlangan 2025/2026-yilgi mavsum sarhisobi
O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mamlakatimiz XXIX milliy chempionati o‘z nihoyasiga yetdi. Mavsumning so‘nggi turidan keyin Toshkentdagi “Yunusobod” sport majmuasida g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Joriy mavsum Oliy ligada 12 ta jamoa ishtirok etdi. 33 uchrashuvda 90 ochko jamg‘argan Jizzaxning “BMB PFC” klubi muddatidan avval chempionlikni rasmiylashtirdi va ketma-ket to‘rtinchi bor O‘zbekiston chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Chempionat debyutanti SQB ilk mavsumidayoq vitse-chempionlikni qo‘lga kiritib, muxlislarni hayratda qoldirdi. Klubdagi professional yondashuv, to‘g‘ri seleksiya va jamoaviy birlik ushbu muvaffaqiyatning asosiy omillaridan biri bo‘ldi.
So‘nggi yillarda chempionlik uchun kurashib kelgan “Oil Star” jamoasi bu safar bronza medallari bilan kifoyalandi. Buxoroliklar yetakchilarga qarshi munosib o‘yin ko‘rsatgan bo‘lsalar-da, ayrim muhim bahslarda qimmatli ochkolarni boy berishdi.
Mavsum davomida OKMK, Nasaf, Lokomotiv, Dinamo va Bunyodkor jamoalari ham muxlislarga qizg‘in va murosasiz bahslarni taqdim etishdi.
XXIX milliy chempionat raqamlarda
O‘tkazilgan uchrashuvlar: 185 ta
Urilgan gollar: 1162 ta
Har o‘yinga o‘rtacha: 6,87 ta gol
Eng ko‘p g‘alaba — “BMB PFC” (29 ta)
Eng ko‘p gol urgan jamoa — “BMB PFC” (174 ta)
Eng ko‘p mag‘lubiyat — “Surxon” (30 ta)
Eng ko‘p gol o‘tkazgan jamoa — “Qizilqum” (149 ta)
Eng ko‘p durang — “Bunyodkor” (10 ta)
Eng yirik hisob:
“BMB PFC” – “Neftchi” 10:1
“BMB PFC” – “Bunyodkor” 10:1
Eng sermahsul o‘yin:
“Maksam-Chirchiq” – “Lokomotiv” 9:6 (15 ta gol)
To‘purarlar poygasi esa mavsumning eng qiziqarli intrigasiga aylandi. Ko‘p yillardan buyon ilk bor ushbu nominatsiyada qo‘shhokimlik kuzatildi.
1-o'rin. Elbek To‘lqinov (“Oil Star”) — 31 gol
1-o'rin. Hebbert Oliveyra Bolt (“BMB PFC”) — 31 gol
3-o'rin. Muzaffar Ahadjonov (“BMB PFC”) — 29 gol
Shuningdek, Oliy liga bahslarida jami 170 nafar futbolchi o‘z nomini to‘purarlar ro‘yxatiga yozdirishga muvaffaq bo‘ldi.
XXIX milliy chempionat o‘z yakuniga yetdi. Oldinda futzal muxlislarini O'zbekiston kubogining FINAL uchrashuvi, Oliy ligaga o'tish o'yini, yangi mavsum, yangi kurashlar va yangi rekordlar hozirlik jarayonlari kutmoqda!