«Bizda ikkinchi tarkib degan so'z yo‘q. BuxDU bilan bahsda ham g‘alaba uchun maydonga tushamiz» — Abbos Ergashev
Birinchi liga 6-turidan o‘rin olgan «Guliston» - «Sirdaryo FA» o‘yinidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Abbos Ergashev o‘z fikrlarini bildirdi.
«Avvalo barcha jamoamiz muxlislarini bugungi g‘alaba bilan tabriklayman. Bugungi bahsda asosan kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan yigitlarga imkoniyat berishga qaror qildik. Birinchi bo‘limda gol urish uchun vaziyatlarimiz yuzaga keldi. Ammo ulardan foydalana olmadik. Natijada vazifamizni biroz qiyinlashtirdik. Aynan yo‘qotilgan imkoniyatlar sabab raqib bizga gol urib, jazoladi. Shunga qaramay, o‘yin yakunlarida o‘zimiz kutgan gollarni urishga muvaffaq bo‘ldik va yakunda g‘alaba qozondik.
- Birinchi bo‘limda jamoa ikkinchi tarkib bilan harakat qildimi?
- Bizda ikkinchi tarkib degan narsa yo‘q. Faqat mavsum boshidan beri kam o‘yin amaliyotiga ega bo‘layotgan yigitlarga imkoniyat taqdim etdik. Bizda 25 nafar futbolchi ro‘yxatdan o‘tgan. Hammasi asosiy tarkib futbolchilari hisoblanadi. Har bir jamoada bo‘lgani kabi «Guliston»da ham sog‘lom raqobat bor. Aytaylik, o‘sha chiziqda eng yaxshilarni maydonga tushiryapmiz.
- «Sirdaryo FA» haqida qanday fikrdasiz?
- Ularda ham yaxshi jamoa bor. Albatta, jamoaning maqsadi o‘sha yoshlarni tarbiyalab, katta futbolga yetkazib berish hisoblanadi. O‘ylaymanki, kelajakda ham bu yigitlardan yaxshi o‘yinchilar yetishib chiqadi.
- Bugungi bahsda jamoa yanada yirik hisobda g‘alaba qozonishi mumkin edimi?
- Albatta. Yuqorida aytganimdek, yigitlarga sovuqqonlik yetishmasligi pand berdi. Gol urish uchun ko‘p imkoniyatlar bo‘ldi. Lekin foydalanishda omadimiz chopmadi.
- «Neftchi»ga qarshi bahsdagi mag‘lubiyat va og‘ir bahs bugun jamoaga salbiy ta’sir ko‘rsatdimi?
- Bu fikrga qo‘shilmayman. Garchi «Neftchi» Superliganing amaldagi chempioni va hozirda turnir jadvalida yetakchi bo‘lishiga qaramay, jamoamiz yomon harakat qilgani yo‘q. 90 daqiqa davomida kurashdi, raqibdan qolmaslikka intilishdi. Lekin bu degani kuch yo‘qotildi degani emas. Qolaversa, o‘tgan o‘yindagi tarkib bilan «Sirdaryo FA»ga qarshi baxsda boshqa o‘yinchilarni sinovdan o‘tkazdik.
- BuxDU bilan bahs oldidan fikrlaringiz qanday?
- Endilikda O‘zbekiston kubogi doirasida ikkita bahsda ishtirok etamiz. O‘ylaymanki, oldinda turgan bahsda g‘alaba qozonib, muxlislarni quvontirishga harakat qilamiz. O‘zbekiston kubogida ham o‘ziga yarasha maqsad va vazifalarimiz bor», — dedi Ergashev.