«Biz xuddi sirkdagi masxarabozlarga o‘xshaymiz»: Xose Ximenes «Atletiko»ning tig‘iz taqvimidan norozi
Madridning «Atletiko» klubi himoyachisi Xose Ximenes jamoasining juda tig‘iz o‘yinlar jadvali borasida o‘z noroziligini bildirdi.
«Bu haqiqiy go‘shtmaydalagich (beshavqat grafik). Biz dam olishimiz kerak. Futbolchilar o‘z sog‘ligini xavf ostiga qo‘ymoqda, biz hozir xuddi sirkdagi masxarabozlardekmiz. Bizga qachon o‘ynash kerakligini aytishsa, o‘sha vaqtda maydonga tushishga majburmiz», — deya himoyachining so‘zlarini keltiradi Marca nashri.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 mart, shanba kuni Diego Simeone shogirdlari o‘z maydonlarida «Real Sosedad» ustidan 3:2 hisobida g‘alabaga erishishdi. Biroq dam olishga vaqt juda kam: Madrid klubi navbatdagi uchrashuvini 10 mart, seshanba kuni UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 finali doirasida Londonda «Tottenxem»ga qarshi o‘tkazadi.