locale OZ

Birinchi liganing 5 klubi Proliga ishtirokchisiga aylanishi mumkin

Keyingi bosqichda Birinchi ligada ishtirok etayotgan besh klub 2027-yilgi mavsum uchun rejalarini ochiqladi.
Birinchi liganing 5 klubi Proliga ishtirokchisiga aylanishi mumkin
photo: Birinchi liga

Superliga va Proliga ishtirokchilari o‘rtasidagi raqobat sport tamoyillariga asoslanadi. Liga 2020-yildan e’tiboran o‘tish o‘yinlari, Superligadan tushish va chiqish mexanizmlarini aynan shu yo‘nalishda tartibga solib kelmoqda.

Biroq, Birinchi ligada to‘p tepayotgan klublarning keyingi istiqbolini belgilashda litsenziyalash mexanizmi, klubning rivojlanish dasturi, uning bolalar futbolidagi roli asosiy ahamiyat kasb etadi. Shundan kelib chiqib, joriy yilning may oyida Proliga va Birinchi liga klublari mazkur yo‘nalishda qanday ishlashi lozimligi, bu masalada Liganing rejalari qanday ekanligi xususida xabardor qilingan.

Keyingi bosqichda Birinchi ligada ishtirok etayotgan besh klub 2027-yilgi mavsum uchun rejalarini ochiqladi: Guliston, Oqtepa, Ahmedov, Do‘stlik, Sherdor. Aynan shu klublar kelasi mavsumni Proligada o‘tkazish istagini bildirdi. Endilikda, Liga mazkur rejani amalga oshirish tartibini belgilaydi hamda noyabr oyiga qadar shu yo‘nalishda klublarni monitoring qiladi.

Birinchi navbatda, klublar qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan futbol maktablariga e’tibor qaratiladi. Bunda, 2026-yilning 30-sentabr sanasiga qadar har bir klub U10 — U17 yosh toifalari oralig‘idan eng kamida oltitasini tanlab olib, ularning har biri uchun yigirma nafardan kam bo‘lmagan tarbiyalanuvchisini MyLeague platformasidan ro‘yxatdan o‘tkazishi lozim. Ma’lumki, mazkur platforma FIFA Connect interfeysi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri integratsiyalangan. Undan ro‘yxatdan o‘tkazilgan havaskor futbolchilar unikal FIFA ID raqamiga ega bo‘ladi hamda futbolchining elektron pasporti shakllanishni boshlaydi.

Ma’lumki, Guliston futbol klubi 2026-yildan e’tiboran tashkil etilgan bo‘lib, ayni vaqtda Birinchi liganing Markaziy mintaqasida peshqadamlik qilmoqda. O‘tgan mavsum yakunida Liga rahbariyati Sirdaryo viloyati hokimi bilan uchrashuv o‘tkazgan bo‘lib, unda Guliston shahrida qurilishi davom etayotgan stadion, Guliston futbol klubining kelgusi rejalari va shu yo‘nalishdagi boshqa masalalar muhokama qilingan. Mamlakat Prezidentining tegishli qarori bilan Sirdaryo viloyati bolalar va o‘smirlar futbol maktabi Assotsiatsiya yordamida Guliston klubiga biriktirilgan. O‘tgan vaqt ichida klub mana shu maktab tarbiyalanuvchilari ro‘yxatini shakllantirishi va ularning Assotsiatsiya tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarga tayyorlashi lozim edi.

Oqtepa, Ahmedov, Do‘stlik, Sherdor klublari esa faoliyatini aynan futbol maktabi yo‘nalishida boshlagan bo‘lib, bugunga kelib har birining turli yosh toifalari bo‘yicha tarbiyalanuvchilari mavjud. Endilikda klublar o‘z havaskor futbolchilarini ham Liga ro‘yxatidan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bundan tashqari, ro‘yxatdan o‘tgan futbolchilar hududiy assotsiatsiyalar tomonidan o‘tkaziladigan musobaqalarda bevosita ishtirok etishi lozim.

Shuningdek, yuqorida qayd etilgan besh klub Liganing litsenziyalash bo‘yicha talablarini ehtimoliy bajarishi shartida va ularga Proliga yo‘llanmasi ehtimoliy taqdim etilishi mumkinligidan kelib chiqib, Proliga uchrashuvlarini o‘tkazish imkoniyatini beruvchi stadion topishi va shu yil yakuniga qadar undan 2027-yilgi mavsum davomida foydalanish bo‘yicha shartnoma imzolashi talab etiladi. Mazkur jarayonlarning barchasi Liga tomonidan monitoring qilib boriladi.

Ma’lumot uchun, Liga mazkur klublar uchun Proliga yo‘llanmasini kafolatlamaydi. Barcha masala klublarning o‘z ish rejasiga qanchalik puxta yondashishi orqali hal etiladi. Shuningdek, Proligada ishtirok etayotgan bir qator klublar 2026-yilgi mavsum avvalida Liga tomonidan qo‘yilgan rivojlanishning keyingi bosqicharini amalga tatbiq qila olmasa, ular 2027-yilgi mavsumni Proligada o‘tkazish imkoniyatini yo‘qotadi.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting