«Betis» Salohning «Liverpul»ni tark etishiga hazilomuz munosabat bildirdi (foto)
Ispaniyaning «Betis» klubi Muhammad Salohning joriy mavsum yakunida «Liverpul»ni tark etishi haqidagi bayonotiga hazilomuz tarzda munosabat bildirdi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq misrlik hujumchi ushbu mavsum ingliz klubidagi oxirgisi bo‘lishini e’lon qilgan edi.
Saloh ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan ta’sirli videomurojaatida bu xayrlashuvning birinchi qismi ekanligini ta’kidlab, ushbu klub, shahar va insonlar uning hayotining naqadar chuqur qismiga aylanishini hech qachon tasavvur qilmaganini aytib o‘tgan edi.
«Betis» esa misrlik yulduzni yozda o‘z safiga qo‘shib olish «poygasi»ga o‘ziga xos tarzda qo‘shildi. Klub o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida Saloh «Liverpul»dagi sobiq jamoadoshi Adrian bilan birga orqasida o‘z ismi tushirilgan «Betis» formasini ushlab turgan suratini e’lon qildi. Surat ostiga esa «So‘nggi raqs, Mo» (Last dance, Mo) deb yozilib, yoniga qisib qo‘yilgan ko‘z va yashil yurakcha emojilari qo‘yildi.

«Betis»ning ushbu «qiziqishi»ga qaramay, xorijiy OAV agar forvard faoliyatini Ispaniyada davom ettirishga qaror qilsa, uning keyingi manzili katta ehtimol bilan «Barselona» yoki «Real Madrid» bo‘lishini taxmin qilmoqda.