«Beshiktosh» qishki transferlar vaqtida «Real» himoyachisini sotib olmoqchi
Turkiyaning «Beshiktash» klubi ushbu transfer oynasida «Real» himoyachisi David Alabani oʻz safiga qo‘shib olishga qiziqish bildirmoqda. Bu haqda AS nashri xabar bermoqda.
«Beshiktash» bosh murabbiyi Sergen Yalchin qishki transfer oynasida jamoani ikki yoki uch nafar futbolchi bilan kuchaytirish rejalari borligini ma’lum qilgan. Alaba turk klubi safida ko‘rishni istayotgan futbolchilardan biri sifatida ko‘rilmoqda.
Manbaga ko‘ra, transfer yo‘lidagi asosiy to‘siq — futbolchining yuqori maoshi. Mavsum yakuniga qadar Alaba «Real»dan yana 7 million yevro olishi kerak. «Beshiktash» bunday summani to‘lashga tayyor emas va kelishuv amalga oshishi uchun madridlik klub futbolchining maoshining bir qismini o‘z zimmasida qoldirishi lozim bo‘ladi. Bundan tashqari, Alaba avvalroq «Beshiktash»ning ashaddiy raqibi — «Galatasaroy» muxlisi ekanini ham aytib o‘tgandi.
Joriy mavsumda David Alaba «Real» safida barcha musobaqalar doirasida beshta uchrashuvda maydonga tushdi, biroq samarali harakatlar bilan ajralib turmadi. Futbolchining madridlik klub bilan amaldagi shartnomasi 2026 yil 30 iyungacha mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, himoyachining bozor qiymati 4 million yevroni tashkil etadi.