Bernardu Silvaning yangi jamoasi nomi JCh-2026 startiga qadar maʼlum boʻladi — Romano
«Manchester Siti» yarimhimoyachisi Bernardo Silva joriy mavsum nihoyasiga yetgach, jamoa bilan xayrlashadi. Portugaliyalik futbolchi erkin agent maqomida yangi klubga o‘tishga qaror qildi. Bu haqda taniqli insayder Fabrisio Romano o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, 31 yoshli futbolchi hali keyingi faoliyatini qaysi klubda davom ettirishini aniq bilmaydi. Biroq u ushbu masalani 2026 yilgi Jahon chempionati startiga qadar hal qilishni rejalashtirgan. Avvalroq «Manchester Siti» murabbiyi Pep Gvardiola ham portugaliyalik yulduzning yozda ketishini tasdiqlagan edi.
Bernardo Silva 2017 yilda «Monako»dan kelib qo‘shilganidan buyon «shaharliklar»ning o‘yin uslubida hal qiluvchi rol o‘ynab keldi. Uning 9 yillik faoliyati davomida erishgan yutuqlari hayratlanarli: 450 ta o‘yin, 76 ta gol va 77 ta samarali uzatma. 6 marta Angliya chempioni, 5 marta Liga Kubogi, 3 marta Angliya Superkubogi va 2 marta Angliya kubogi sohibi. Shuningdek, Yevropa Chempionlar Ligasi, UEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati g‘olibligi.
Maʼlumot uchun, uning amaldagi shartnomasi 2026 yilning 30 iyunida o‘z nihoyasiga yetadi.